Augsburg shahrida ZIYO madaniyat va ta’lim forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Augsburg, 2026-yil 25-oktabr — Germaniyaning Augsburg shahrida o‘zbek madaniyati, ma’rifati va milliy qadriyatlarini qadrlovchi vatandoshlarimiz uchun tarihiy voqea yuz berdi. Bu yerda ZIYO madaniyat va ta’lim forumining tantanali ochilish marosimi ko‘tarinki ruh, yuksak ehtirom va do‘stona samimiyat muhitida bo‘lib o‘tdi.

Ushbu shukuhli ayyomda o‘zbek, nemis, turk va rus millatiga mansub mehmonlar, ziyolilar, ijodkorlar, san’at ixlosmandlari hamda ota-onalar va bolajonlar bir davrada jam bo‘ldilar. Turli xalqlar vakillarining bir makonda jamlanishi nafaqat bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi, balki Germaniya yuragida madaniyatlararo do‘stlik va hamjihatlikning yorqin namunasini namoyish etdi.

DAVRA e.V. — Tantananing rasmiy hamkori va faxriy mehmoni

Tadbirning alohida e’tiborga molik jihati shundaki, ko‘p yillardan buyon Germaniyada o‘zbek jamoatchiligini jipslashtirish, milliy meros va sportni targ‘ib etishda yetakchilik qilib kelayotgan DAVRA e.V. (Olmon-O‘zbek Madaniyat va Sport Jamiyati) ushbu forumga rasmiy hamkor va faxriy mehmon sifatida taklif etildi.

DAVRA e.V. vakillarining tadbirdagi faol ishtiroki ikki tashkilot o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini va kelajakdagi ma’rifiy hamkorlik poydevorini yanada mustahkamladi.

Milliy madaniyatimiz va folklor san’atining betakror jilolari

Tadbir davomida boy o‘zbek madaniyati, milliy urf-odatlarimiz, kuy-qo‘shiqlarimiz va jozibali raqslarimiz yuksak mahorat bilan namoyish etildi.

Ayniqsa, milliy liboslardagi jajji raqqosalarning jozibador raqslari va bolajonlarning ona tilimizda yod olgan ifodali she’rlari tomoshabinlarga cheksiz ilhom va iftixor bag‘ishladi. Bayram dasturining eng hayajonli qismlaridan biri — ZIYO forumi va DAVRA e.V. jamiyati vakillari hamkorligida ijro etilgan o‘zbek xalq laparlari, milliy kuy-qo‘shiqlar hamda folklor chiqishlari bo‘ldi. O‘zbek og‘zaki ijodining samimiy ohanglari yig‘ilganlar qalbida o‘chmas taassurot qoldirdi.

Adabiyot va ma’rifatga bag‘ishlangan yuksak muloqot

Ochilish marosimining eng mazmunli va ilmiy-ma’rifiy lahzalaridan biri O‘zbekistondan tashrif buyurgan taniqli olima, tarjimon Dr. Hafiza Qo‘chqorova hamda tarix va falsafa fanlari doktori, DAVRA e.V. jamiyati raisi Dr. Iftixor Shomurodov ishtirokidagi kitoblar taqdimoti bo‘ldi.

  • Dr. Hafiza Qo‘chqorova — Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti, nemis adabiyotining 100 ga yaqin sarxil asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girgan, O‘zbekiston, Germaniya va Shveytsariya o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalar rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi olimadir.

  • Dr. Iftixor Shomurodov — DAVRA e.V. raisi sifatidagi ko‘p yillik faoliyatida Germaniyadagi o‘zbek jamoatchiligini birlashtirish, tariximiz, tilimiz va ma’naviy merosimizni Yevropada munosib targ‘ib etish yo‘lida unumli mehnat qilib kelayotgan taniqli jamoat arbobidir.

Kitoblar taqdimoti davomida mehmonlar mualliflar bilan bevosita muloqot qilish, ularning ilmiy-ijodiy izlanishlari bilan tanishish hamda mualliflik dastxati (avtograf) tushirilgan asarlarni harid qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

ZIYO — kelajak va ma’rifat sari tashlangan dadil qadam

ZIYO madaniyat va ta’lim forumining bosh maqsadi — Yevropada kamol topayotgan yosh avlodga ona tilimiz, milliy o‘zligimiz, boy tariximiz hamda qadriyatlarimizni singdirish, shu bilan birga turli madaniyatlar o‘rtasida mustahkam do‘stlik ko‘prigini barpo etishdir. Forum doirasida „Shanba o‘zbek tili maktabi“, milliy raqs va folklor to‘garaklari hamda madaniy-ma’rifiy ta’lim loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Minnatdorlik va ezgu niyatlar

Ushbu tantanali bayramni tashkil etishda o mehnati va imkoniyatlarini ayamagan barcha fidoyi insonlarga, ZIYO forumining faol a’zolariga, bosh hamkorimiz DAVRA e.V. jamiyati rahbariyati va vakillariga, san’atkorlarimizga, bolajonlar hamda ularning ota-onalariga chuqur minnatdorchilik bildiramiz.

2026-yil 25-oktabr — biz uchun shunchaki ochilish marosimi emas, balki ezgu niyatlar, yangi do‘stliklar va kattaroq maqsadlar sari qo‘yilgan ilk mustahkam qadamdir.

Zero, ZIYO — bu nur! ZIYO — bu ma’rifat! ZIYO — bu birdamlik va kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonch!

Hurmat va samimiyat bilan,

Aziza Nematova

ZIYO madaniyat va ta’lim forumi raisi

Augsburg, Germaniya | 28-oktabr, 2026-yil

  • Beitrag veröffentlicht:
  • Beitrags-Kategorie:Xabarlar