2013 yildan beri muntazam o‘tkazib kelinayotgan “Davra Cup – Yevropadagi O’zbeklarning Futbol turniri” joriy yilning 9-Iyun’ kuni Chexiyaning poytaxti Praga shahrida yettinchi marotaba tashkil qilindi. Tadbirni “Davra” o‘zbek-olmon jamiyati O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Frankfurt Mayn shahridagi bosh konsulligi hamkorligida amalga oshirdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad birinchi navbatda Yevropada o‘qiydigan, ishlaydigan va Yevropada tug‘ilgan o‘zbeklar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik aloqalarini o‘rnatish, o‘zaro fikr va tajriba almashish, qolaversa o‘zbek madaniyati va an’analarini Yevropada targ‘ib qilish hisoblanadi.
Turnirda rasman 14 ta jamoa ishtirok etib, jamoalar asosan Germaniya va Chexiya davlatlaridan bo‘lsada, ushbu jamoalar safida maydonga tushgan o‘yinchilar orasida Yevropaning turli xil davlatlaridan tashrif buyurgan vatandoshlarimiz bor edi.
Futbol bayramiga jamoalarni qo‘llab quvvatlash uchun o‘z muxlislari, oilalari va Yevropaning turli shaharlaridan 300 ga yaqin vatandoshlarimiz tashrif buyurishdi. Yozning bir kunini millatdoshlar va vatandoshlar bilan o‘zgacha bir muxitda o‘tkazgan juda ko‘plab insonlar ushbu tadbir keyingi safar o‘zlari yashab turgan shaharda ham o‘tkazilishini juda xoxlayotganliklarini bildirishdi. Davra jamiyati vatandoshlarning taklif va istaklarini qabul qilib oldi, har taraflama o‘ylab ko‘rib keyingi futbol bayrami Yevropaning qaysi shahrida o‘tkazilishini jamiyatning veb sahifasi va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qiladi.
Futbol o‘z nomi bilan futbol, havaskor jamoalarmi, professionalmi, o‘ziga xos keskin kurashlar ustida kechadi. Pragadagi futbol turnirimiz ham kutilganidek qattiq tayyorgarlik ko‘rib kelgan jamoalarning o‘zaro bellashuvlari ostida o‘tdi. Yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Myunxen, Irregator, Praga Mahalla va Dortmund jamoalarining o‘zaro bellashuvlari ortidan final bosqichi yo‘llanmasini Myunxen va Dortmund jamoalari qo‘lga kiritishdi.
Keskin kurashlarga boy bo‘lgan final o‘yinida 1-0 hisobi bilan Myunxen jamoasining qo‘li baland keldi va turnir g‘olibiga aylandi. Shuni ta’kidla o‘tish joyizki, Myunxen jamoasi qariyb bir xil tarkib bilan ketma ket yettinchi marotaba ushbu turnirda ishtirok etib, beshinchi marotaba turnir g‘olibligini qo‘lga kiritmoqda.
Yildan yilga shakllanib kelayotgan Dortmund jamoasi esa o‘tgan yili yarim final bosqichigacha yetib kelgan bo‘lsa, bu yil final bosqichida ishtirok etishdek sharafga sazovor bo‘ldi. Biz Davra jamiyati nomidan Myunxen jamoasini ushbu g‘alaba bilan tabriklab, Dortmund jamoasiga kelgusi turnirlarimizda bundanda yuqori ko‘rsatgich, turnir g‘olibi degan sharafga erishishini tilab qolamiz!
Turnirda qatnashgan boshqa jamoalar, Olimpiya Myunxen, Turon Myunxen, Zarba Myunxen, Istiqlol, Bavariya, MBA Triysdorf, Milliy, Kosonsoy, Praga Mahalla 2006, Nihol jamoalariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz va kelgusi turnirlarimizda muvoffaqiyatlar tilaymiz!
An’anaviy ravishda turnir qatnashchilariga har xil nominasiyalar bo‘yicha sovg‘alar topshirildi. Turnirning eng yaxshi darvozaboni deb Mohir Alijonov topildi, turnirning eng yaxshi o‘yinchisi deb Dortmund jamosi o‘yinchisi Abdulla Masharipov topilgan bo‘lsa, turnir to‘purarligini Kosonsoy jamoasi o‘yinchisi Alixon Mullaxo‘jaev qo‘lga kiritdi. Futbol bayramida ishtirok etgan O‘zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi o‘z sovrinini turnirning eng yosh foal o‘yinchisi bo‘lmish Dortmund jamoasidan Dilmurod Abdurazzoqovga topshirdi. Tadbir yakunida o‘zimizning milliy taomimiz bo‘lmish osh damlandi.
Vatandoshlarimizga horijda bir kun bo‘lsada o‘zbekona muhit yaratib, bir siqim vatan ulasholgan bo‘lsak boshimiz osmonga yetgan bo‘ladi, zero vatan sog‘inchini vatandan yiroqda yashayotgan insongina his qila oladi! Bayramga tashrif buyurgan barcha vatandoshlar va mehmonlarga, xususan tadbirni tashkil qilishda yaqindan yordam bergan Praga shahrida yashaydigan vatandoshlarimizga Davra jamiyati o‘z minnatdorchiligin izxor etadi, shu bilan birga barchani kelajakda tashkil qilnajak tabdbirlarga taklif qiladi!
©“Davra” o‘zbek-olmon jamiyati
















































