Sport insonlarni birlashtiradi. Xorijda yashaydigan vatandoshlarimiz o`zlari yashab turgan mamlakatda uyushtirilayotgan har xil tadbirlar doirasida bir birlari bilan uchrashib, o`zaro fikr va tajriba almashib turishadi.
“Davra” o`zbek-olmon jamiyati tarafidan muntazam ravishda yiliga bir marotaba tashkil etilib kelinayotgan “Davra Cup – Yevropadagi O’zbeklarning futbol va sport bayrami” 2018 yilning 12-may kuni Frankfurt Main shahrida oltinchi marotaba tashkil qilindi. Tadbir “Davra” o`zbek-olmon jamiyati, O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Frankfurt Mayn shahridagi bosh konsulligi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Bayramga butun Germaniyadan va qo`shni davlatlarda yashaydigan vatandoshlarimiz oilalari bilan tashrif buyurishdi.
Taktik va texnik jihatdan yaxshi tayyorlanib kelgan FC Frankfurt, FC München, FC Olympia München, FC Dortmund, FC MBA Triesdorf, FC Istiqlol, FC Nihol, FC Prague Mahalla, FC HUMO va FC Zarba München jamoalari final bosqichi yo’llanmalari uchun kurash olib borishdi. Har ikki guruhdan ikkitadan jamoa, FC Frankfurt, FC München, FC MBA Triesdorf va FC Prague Mahalla jamoalari yarim final bosqichida o’zaro kuch sinashib final bosqichiga FC Frankfurt va FC München jamoalari yetib kelishdi. Final o’yining asosiy qismi va qo’shimcha vaqt durrang bilan yakunlanib, penalti tepish orqali FC München jamoasi “Yevropadagi o`zbeklarning oltinchi Futbol turniri” g’olibiga aylandi.
An`anaga ko`ra tadbir so’ngida o’yinchi va jamoalar tantanali ravishda taqdirlandi. Turnirning eng zo’r darvozaboni deb FC Frankfurt jamoasi darvozaboni Oybek Akmalov topildi. Turnir to’purari bu safar ham Abror Shonazarov bo’lgan bo’lsa, turnirning eng zo’r o’yinchisi FC München jamoasi kapitani Qahramon Pazilov bo’ldi. Turnirda O’zbekisotn Yoshlari Umumjahon Assotsatsiyasining maxsus sovrini FC Dortmund kapitani Nodirbek Saidovga topshirildi.
Bayramda milliy taomimiz bo`lmish qozon oshi tayyorlandi. Davra jamiyati ushbu ajoyib kun uchun tadbirga tashrif buyurgan barcha mehmonlarga, tadbirni tashkil qilishda yaqindan yordam bergan Frankfurt Maynda yashaydigan vatandoshlarga, O`zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Frankfurt Mayn shahridagi bosh Konsulligiga o`z minnatdorligni izhor etadi!
©“Davra” o`zbek-olmon jamiyati




























