2015 yilning 24 May kuni Germaniyaning Köln shahrida O’zbeklarning an’anaviy uchinchi futbol bayrami bo’lib o’tdi. Bayram Davra o’zbek-olmon jamiyati tarafidan O’zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi bosh konsulligi ko’magida tashkillashtirildi. Futbol bayramiga Germaniya Federativ Respublikasida o’qiyotgan, ilmiy izlanish olib borayotgan va ishlab yashayotgan vatandoshlar ishtirok etishdi. Futbol turnir-bayramida qatnashgan 10 Jamoadan tashqari yuzlab hamyurtlarimiz o’zlarining oilalari bilan tashrif buyurishdi. Bayramda O’zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi bosh konsulligi ko’magida milliy taomlarimizdan hisoblanmish qozon oshi tayyorlandi. Bayram ko’tarinki kayfiyatda o’tdi, vatandoshlarimiz bir birlari bilan diydor ko’rishdilar, ko’pchilik vatandoshlarimiz esda qolarli tadbir bo’lganligini ta’kidlashdi.

Turnirga tashrif buyurgan jamoalarning turnirda g’olib bo’lish istaklari juda yuqori edi. Ikki guruhga 5 jamodan bo’linib birinchi va ikkinchi o’rinlar uchun olib borilgan kurashlar ortidan FC Rhein Main United, FC München, FC Triesdorf va FC NRW jamoalari yarim Finalga yo’llanmani qo’lga kiritishdi.

FC Rhein Main United va FC München jamaolari o’rtasida o’tgan Final uchrashuvida FC Rhein Main United jamoasining qo’li baland keldi. Turnir so’ngida «Davra» jamiyatining esdalik sovg’alari va «Davra kubogi» topshirildi. Turnirning eng halol o’yichisi deb FC NRW sardori Nodirbek Saidov, faol tashkilotchi Shuxrat .., osh ustasi deb Murodjon topilib ularga «Davra» jamiyatining futbolkalari topshirildi. Turnirning eng yaxshi darvozaboni deb FC NRW darvozaboni va Turnirning eng yaxshi o’yinchisi deb FC München sardori Qahramon Poziljonov topildi. Turnir to’purarligini FC Rhein Main United hujumchisi Sherali Jiyanov qo’lga kiritdi. Ikkinchi o’rin uchun medallar FC München jamoasiga, birinchi o’rin uchun medallar va «Davra Cup» Rhein Main United jamoasiga topshirildi.

An’anaga ko’ra «DavraCup» futbol bayramida milliy taomlarimizdan hisoblanmish osh tayyorlandi va tarqatildi. Bundan tashqari Köln shahrida o’qiyotgan va ishlayotgan vatandosh qizlarimiz har xil taomlar tayyorlab kelishdi va barcha bilan baham ko’rishdi. Futbol bayrami chinakamiga O’zbeklar sayliga aylanib ketdi desak mubolag’a bo’lmaydi! «DavraCup» futbol bayramidan barcha vatandoshlarimiz ko’tarinki kayfiyat bilan ortga qaytishdi. Bayramga qatnasha olmagan barcha vatandoshlarimizni keyingi bayramlarimizda albatta kutib qolamiz!
©Davra o’zbek-olmon jamiyati

Homiylarimiz