Chet elda o’qib, ishlab, yashaayotgan vatandoshlarning har birini o’ziga yarasha yumushi, o’ziga yarasha tashvishi va o’ziga yarasha muammosi bor. Har xil tashvishlar bilan ovora insonlarni bir joyga to’plash, ayniqsa vaqt oltinga teng hisoblanadigan chet davlatda o’ta mashaqqat talab qiladigan ish. Yaqindagina Berlinda tashkil qilinib ro’yxatdan o’tgan «Davra» olmon-o’zbek jamiyati Germaniyadagi vatandoshlarni bir joyga to’plash, ular bilan yaqindan tanishish va ular bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida Germaniyadagi vatandoshlarimizni barchasini Berlinda tashkil qilinayotgan «Qir-Oshi»ga taklif qildi.
«Qir-Oshi»ga Germaniyaning turli shaharlaridan 200 dan ziyodroq vatandoshlarimiz tashrif buyurishdi. Shuni ta’kidlab o’tish kerakki, vatandoshlarning bunday katta davrada «Qir-Oshi» tadbirini o’tkazish maqsadida bir joyga to’planishi Germaniya tarixida birinchi marotaba sodir bo’layotgan edi. «Davra» olmon-o’zbek jamiyati tarafidan «Qir-Oshi»ga milliy taomlarimizdan Qozon-Oshi, Kabob, Somsa va har xil o’zbekcha pishiriqlar hozirlandi. Qozon-oshining o’sha yerning o’zida tayyorlanishi vatandoshlarimizda bir lahza bo’lsada vatan tuyg’usini his qilishgan bo’lsa ajabmas.
Ob-havoning issiq bo’lganligi bolajonlarimiz uchun ayni muddao bo’ldi. Ular bir birlarini yaxshi tanishmasada bir mahalla bolalaridek kunni birgalikda o’ynab, uyoqdan-buyoqqa yugurib o’tkazishdi. Tadbirdan ko’zlangan maqsadlardan biri ham aynan shu, bolajonlarimizda ozgina bo’lsada vatan tuyg’usini uyg’otish, ularni vatandoshlar bilan tanishtirish va milliy an’analarimizni o’rgatish.
Erta tongdan kechgacha davom etgan tadbir ko’tarinki ruxda o’tdi, vatandoshlarimizning barchasi yaxshi kayfiyat bilan uylariga qaytishdi. «Davra» olmon-o’zbek jamiyati shunday tadbirlarni kelajakda muntazam o’tkazib turishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ydi. «Qir-Oshi»ga qatnasholmagan vatandoshlarimizni barchasini kelgusi tadbirlarimizda albatta kutib qolamiz!
©«Davra» olmon-o’zbek jamiyati



































