Yevropa yuragida Sharq nafosi: o’zbek so’zanisi Germaniyada madaniy ko‘priklar qurmoqda
2025 yilning dekabr oyida Berlin shahri yana bir bor xalqaro madaniy muloqot maydoniga aylandi. Germaniya poytaxtidagi mashhur “QGalerie” ko‘rgazma zalida o‘tkazilgan “Созвучные миры / Hamohang olamlar” nomli o‘zbek suzanelari ko‘rgazmasi doirasida muhim madaniy tadbir – o‘zbek kashtachilari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir Germaniyada dekorativ-amaliy san’at ixlosmandlari uchun maxsus uyushtirilib, o‘zbek xalqining boy badiiy merosini yaqindan tanishtirishga qaratildi.
Mazkur uchrashuv nafaqat san’at ko‘rgazmasining mantiqiy davomi, balki madaniyatlararo muloqotni chuqurlashtiruvchi jonli platformaga aylandi. Tadbir muhitida o‘zbek milliy ruhiyati, qadimiy urf-odatlar va mehmondo‘stlik an’analari yaqqol sezilib turdi. An’anaviy o‘zbek dasturxoni atrofida nemis rassomlari, san’atshunoslar, Gumboldt nomidagi Berlin universiteti talabalari, shuningdek, Sharq madaniyatiga qiziqadigan keng jamoatchilik vakillari jam bo‘lishdi. Noinsoniy rasmiylikdan xoli, samimiy va ochiq muloqot ruhidagi uchrashuv mazmunli suhbatlar uchun qulay sharoit yaratdi.
Tadbirning asosiy maqsadi xalqaro madaniy almashinuvni kengaytirish, o‘zbek dekorativ-amaliy san’atining boy merosini xorijda targ‘ib qilish, shuningdek, Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlaridan kelishi mumkin bo‘lgan sayyohlarni O‘zbekistonning hunarmandchilik salohiyati bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi. Shu nuqtayi nazardan, madaniy turizmni rivojlantirish va tarixiy-madaniy merosga barqaror qiziqish uyg‘otish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir dasturining eng muhim voqeasi Buxorolik mashhur kashtachi, tadbirkor va O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasining Buxoro viloyati bo‘limi a’zosi Shahnoza Sharipova bilan o‘tkazilgan onlayn uchrashuv bo‘ldi. U o‘z chiqishida o‘zbek kashtachiligi, xususan suzanening ko‘p asrlik tarixi, mintaqaviy maktablari va uslublari haqida batafsil so‘zlab berdi. Buxoro, Samarqand, Shahrisabz, Farg‘ona va Qashqadaryo hududlarida shakllangan kashtachilik an’analari, ularning rang-barang ramziy ma’nolari va estetik xususiyatlari tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shahnoza Sharipova o‘z nutqida suzane faqat bezak buyumi emas, balki o‘zbek xalqining dunyoqarashi, hayot falsafasi va ma’naviy qadriyatlarini mujassam etgan madaniy kod ekanini ta’kidladi. Har bir naqsh, har bir rang, har bir chok ortida asrlar davomida shakllangan ramzlar, niyatlar va tilaklar mujassamligini alohida urg‘ulab o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, suzane an’anasi avloddan-avlodga “ustoz–shogird” tamoyili asosida o‘tib kelgan bo‘lib, bu jarayonda nafaqat texnik mahorat, balki axloqiy qadriyatlar ham uzatilgan.
Onlayn uchrashuv davomida o‘tkazilgan savol-javob sessiyasi ishtirokchilarning O‘zbekiston, uning milliy hunarmandchiligi va ayniqsa kashtachilik san’atiga bo‘lgan samimiy va chuqur qiziqishini yaqqol namoyon etdi. Germaniyalik san’at ahli va talabalar suzane yaratish jarayonining murakkabligi, naqshlarning ramziy ma’nosi, rang tanlashdagi an’analar va zamonaviy talqinlar haqida qator savollar berishdi.
Alohida e’tibor Shahnoza Sharipovaning ilmiy tadqiqotlarga tayangan holda yo‘qolib borayotgan va unutilgan suzane texnikalarini qayta tiklash bo‘yicha olib borayotgan faoliyatiga qaratildi. U va uning shogirdlari qadimiy namunalarga asoslanib, tarixiy choklar va naqshlarni zamonaviy badiiy ifoda bilan uyg‘unlashtirishga muvaffaq bo‘lishmoqda. Bu esa suzanening bugungi kunda ham dolzarb va yashovchan san’at turi sifatida rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Uchrashuv yakunida Shahnoza Sharipova bugungi kunda yuzlab ayollarga kashtachilik va suzane yaratish sirlarini o‘rgatayotganini aytib, xalqaro auditoriyaning o‘zbek xalq san’atiga bo‘lgan qiziqishi uchun minnatdorlik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, an’anaviy hunarmandchilikni asrash va himoya qilish nafaqat milliy vazifa, balki butun insoniyat oldidagi mas’uliyatdir. Chunki bu san’at turlarida insoniyatning qadimiy bilimlari, tabiat bilan uyg‘unlik va estetik tafakkuri mujassam.
Tadbir doirasida amaliy kashtachilik bo‘yicha mahorat darsi ham tashkil etildi. Uni o‘zbek vatandoshlar Zaynab Rasulova va Nilufar Sattorova olib borishdi. An’anaviy xontaxta atrofida ko‘rpachalar yozilib, mehmonlarga kashta tikish jarayoni amaliy tarzda namoyish etildi. Shu bilan birga, o‘zbek urf-odatlari, mehmondo‘stlik madaniyati va dasturxon an’analari haqida qiziqarli hikoyalar so‘zlab berildi.
Mahorat darsida ishtirok etgan mehmonlar kashtachilik jarayonini bevosita sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘lishdi. Bu jarayon nafaqat san’at texnikasi bilan tanishish, balki madaniyatlararo o‘xshashlik va farqlarni his etish imkonini berdi. Tadbir mehmonlaridan biri, nemis san’at ixlosmandi Katya Klaynke o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, turli tikuv turlari bilan shug‘ullanishini, uzoq vaqtdan beri kashtachilik san’atiga qiziqib kelayotganini aytib o‘tdi.
Uning fikricha, bunday qadimiy an’analar yo‘qolib ketmasligi, balki keyingi avlodlarga yetkazilishi juda muhim. U o‘zbek ustalari bilan birgalikda naqsh tikib ko‘rganini va Yevropa kashtachiligida ham shunga o‘xshash choklar mavjudligini ta’kidladi. Katya Klaynke uchun madaniyatlar o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlarni anglash, ularni qiyosiy tahlil qilish alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Berlin shahrida o‘tkazilgan ushbu tadbir o‘zbek madaniyatining Yevropadagi targ‘ibotida muhim qadam bo‘ldi. Suzane ko‘rgazmasi va unga hamroh bo‘lgan davra suhbati O‘zbekistonning boy madaniy merosini nafaqat san’at obyekti sifatida, balki tirik an’ana, yashovchan hunar sifatida namoyon etdi. Bu kabi tashabbuslar O‘zbekistonning xalqaro madaniy imijini mustahkamlash, madaniy turizmni rivojlantirish va o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirishda muhim rol o‘ynaydi.
Bugungi globallashuv sharoitida bunday madaniy uchrashuvlar ayniqsa dolzarb. Ular xalqlar o‘rtasida ko‘priklar quradi, stereotiplarni buzadi va madaniyatning asl mohiyatini ochib beradi. O‘zbek suzanesi esa bu jarayonda nafaqat bezak san’ati, balki milliy o‘zlikni ifoda etuvchi kuchli madaniy timsol sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Berlin markazida o‘tkazilgan mazkur tadbir yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, o‘zbek xalqining amaliy san’ati zamon va makon chegaralarini oshib o‘tishga qodir. U Yevropa auditoriyasi uchun ham tushunarli, qiziqarli va ilhomlantiruvchi bo‘lib, madaniyatlararo muloqotda muhim o‘rin egallaydi. Shu ma’noda, “Hamohang olamlar” ko‘rgazmasi va unga hamroh bo‘lgan davra suhbati o‘zbek san’atining xalqaro sahnadagi muvaffaqiyatli namunasiga aylandi.
